1-kitob. Kulolning kenja o‘g‘li
11-bob, jami 33 ta
Uch sinov
Ertalab otam hech narsa bo‘lmagandek nonushta qildi. Belbog‘i yana joyida edi, choki tekis tikilgan. Men unga qaradim — u menga qaramadi. Kechasi ko‘rganimni tush deb o‘ylashga harakat qildim va bo‘lmadi.
Sunbulaning yigirma birinchi kuni Ulug‘ madrasaning katta zaliga ellik nomzod kirdi — birinchi bosqichdan o‘tganlarning hammasi. Zal baland, salqin edi, gumbazi ostida kaptarlar uchib yurardi. Har birimizning oldimizga mum taxtacha, bir kosa loyqa suv va qalin qog‘ozga chizilgan naqsh qo‘yildi.
— «Suv tozalagich», — dedi imtihonchilardan biri. — «Tarxon tartibi»dan. Nusxada uchta xato bor. Topinglar, tuzatinglar, taxtachaga to‘g‘risini chizinglar. Naqshni kosaning ostiga qo‘yasizlar — suv tiniqsa, o‘tdingiz.
Men qog‘ozga qaradim va uchta xatoni darhol ko‘rdim — xuddi qizil siyoh bilan belgilangandek. Oltiburchakning bir qirrasi tushib qolgan. Takror ikki marta emas, uch marta chizilgan. Hoshiya yopilmagan. Oddiy xatolar, sinov uchun ataylab qo‘yilgan.
Lekin keyin men to‘rtinchisini ko‘rdim.
U xato emasdek ko‘rinardi. Naqshning markazidagi tugun biroz chapga surilgan edi — shunchalik biroz, ko‘z ilg‘amaydi. Lekin men naqshni ko‘z bilan emas, o‘qib ko‘rardim: tugun suvni «agar loyqa bo‘lsa — tindir» deb tekshirardi, lekin surilgani uchun suvning faqat yarmini tekshirardi. Naqsh ishlardi — lekin yarim kuch bilan. Va bu xato sinov uchun qo‘yilmagan edi. U asl nusxaning o‘zida bor edi. Kimdir yuz yillar oldin bir marta qalamini sal chetga surib yuborgan — qolganlar esa uni ko‘r-ko‘rona ko‘chirib kelgan.
Toshkentda buni «meros xato» derdik: bir marta yozilgan noto‘g‘ri qator yillar davomida nusxadan nusxaga o‘tib yuradi, hamma uni to‘g‘ri deb o‘ylaydi, chunki u doim shunday bo‘lgan.
Men to‘rttalasini ham tuzatdim. Hoshiyani xaltachamdagi pergar bilan yopdim. Taxtachani kosaning ostiga qo‘yib, markaziga pufladim.
Loyqa suv bir lahza titradi. Keyin tinib qoldi — tepadan pastga, xuddi kimdir unga toza shisha qo‘ygandek. Qo‘shni qatorlardagi kosalar hali ham sekin, bulutdek tinib borardi, meniki esa allaqachon buloq suvidek tiniq edi.
Imtihonchilar yig‘ilib kelishdi. Biri taxtachamni kitob bilan solishtirdi va qoshini chimirdi: «Kitobda bunday emas». Ikkinchisi kosaga qaradi: «Lekin suv...». Uchinchisi indamadi. Ular bir-biri bilan pichirlasha boshlashdi.
Keyin ularning orasidan yana bir kishi chiqdi va taxtachamga egildi.
U o‘rta bo‘yli, ozg‘in, yelkalari biroz bukik odam edi — ko‘p yillar stol ustiga egilib o‘tirganlarnikidek. Yuzi yumshoq, soqoli qisqa va ozoda, ko‘zlari qo‘ng‘ir va mehribon. Egnida oddiy kulrang to‘n, belida qora ipak qalamdon. Barmoqlarining uchlari siyohdan qop-qora, lab burchagida kichkina siyoh dog‘i bor edi — xuddi qalamning uchini tishlab o‘rgangandek. U taxtachamga boshqalardan uzoqroq qaradi. Juda uzoq.
— Kim o‘rgatgan? — so‘radi u. Ovozi mayin, sekin edi, xuddi kitob varag‘ini ehtiyotlab ochgandek.
— Mavlono Qutbiddin.
Uning yuzidan bir soya o‘tdi — derazadan qush uchib o‘tgandek, bir lahza. Keyin u iliq jilmaydi.
— Unda hammasi tushunarli, — dedi u.
Men zalning narigi chetida o‘tirgan Mirshod Tarxonni ko‘rdim. U menga qarab turardi. «Tarxon tartibi» — uning bobolarining kitobi. Men esa hozirgina uni tuzatgan edim. Uning ko‘zlarida o‘t yonardi.
[Ko‘nikma oshdi: Tuzatish, 2-daraja]
Keyin bildim: mehribon odam kutubxona mudiri Anvar Xattot ekan.
Sunbulaning yigirma ikkinchi kuni, kechasi, meni qorong‘i hujraga qamashdi.
Meni u yerga olib kirgan odam baland bo‘yli, yelkador edi, chap qo‘lida qora charm qo‘lqop. U bitta so‘z aytdi — xirillagan, past ovozda:
— Yorug‘lik.
Eshik yopildi. Qulf shaqilladi.
Zulmat mutlaq edi. Ko‘zimni ochdimmi, yumdimmi — farqi yo‘q edi. Men qo‘lim bilan atrofni paypasladim: tosh devor, sovuq, nam. Tosh pol. Bir burchakda — bir ko‘za suv. Uning yonida — bir bo‘lak loy, mushtdek. Boshqa hech narsa.
Vazifa — yorug‘lik. Chizish kerak. Lekin qanday chizasan, agar chizganingni ko‘rmasang?
Men loyni oldim. Va barmoqlarim birdan tinchidi.
Loyni men ko‘rmasdan ham bilardim. Yetti yil charx oldida o‘tirgan qo‘llar uni bilardi: qancha suv kerak, qachon yumshaydi, qachon yopishqoq bo‘ladi. Men loyni suv bilan qorib, kaftim bilan yupqa, silliq taxtacha qilib yoydim. Toshkentda bir marta, chiroq o‘chib qolganda, klaviaturaga qaramay kod yozganman — barmoqlar harflarning joyini o‘zi biladi. Hozir ham shunday edi. Barmoqlarim naqshni o‘zi bilardi.
Markazga — yulduz: tartib va nur. Uning atrofiga — oltiburchak: suv. Suv nurni ushlab, tarqatadi. Birinchi urinishda shoshildim. Pufladim — yulduzning bir qirrasi xira lip etdi-yu, so‘ndi. Zulmatda qayerdadir sichqon chiyilladi, xolos. Qirra qiyshiq chiqqan edi; men uni ko‘rmay qolgan edim. Men loyni kaftim bilan tekisladim va qaytadan boshladim — bu safar sekin, har chiziqni barmog‘im bilan ikki marta tekshirib. Loy shoshganni sevmaydi. Otamning ovozi qorong‘ida ham o‘sha-o‘sha edi.
Men taxtachani ko‘zaning og‘ziga suyab qo‘ydim va sekin pufladim.
Avval hech narsa bo‘lmadi. Keyin ho‘l loyda xira ko‘k chiziq paydo bo‘ldi. U kengaydi, ko‘zadagi suvga tushdi — va suv yondi. Hujra yumshoq, sokin ko‘k nurga to‘ldi, xuddi kechasi telefon ekranidagidek.
Men o‘sha nurga qarab o‘tirdim va birdan Toshkentni sog‘indim.
Oldin ham eslardim — lekin xuddi kitobni eslagandek, boshqa birovning hikoyasini eslagandek. Endi esa sog‘indim: tungi ko‘chalarni, ho‘l asfaltni, ekranning ko‘kish nuri yuzimni yoritib yotgan kechalarni. Oyimning ovozini. Hammasi shunchalik uzoq ediki, uni masofa bilan o‘lchab bo‘lmasdi.
Tepada, devorning eng yuqorisida, kaftdek havo tirqishi bor edi. Undan ovoz eshitildi.
— Qirq bir daraja, yigirma daqiqa! — Qiz ovozi, aniq, tez. — Temirqoziq. Keyingisi — Yetti qaroqchining uchinchisi... Qirq to‘qqiz daraja...
Hujra Yulduz madrasaning ostida ekan. Tepada, uning tomida, Yulduz bo‘limining sinovi borardi.
Ovoz yulduz balandliklarini birin-ketin baland aytib borardi — va ularning orasida xirgoyi qilardi. Qandaydir karvon qo‘shig‘ini, kuyiga yarim ovozda, noto‘g‘ri joylarda to‘xtab, raqam aytib, yana xirgoyiga qaytib.
— ...ellik ikki daraja, o‘n daqiqa... la-la-la, tuyam-tuyam... ellik uch...
Men chiday olmadim. Kulib yubordim — qorong‘i hujrada, ko‘k nur ichida, yolg‘iz.
Tepadagi ovoz to‘xtadi. Bir lahza sukut. Keyin tirqishdan pichirlash tushdi:
— Jim, Kulolcha!
Men og‘zimni qo‘lim bilan yopdim. U qanday bildi? Tirqishdan meni ko‘rib bo‘lmasdi. Ovozimni bir marta, tomda eshitgan edi, xolos. Bu savolga men hech qachon javob topa olmadim.
Sunbulaning yigirma uchinchi kuni men kengash xonasining eshigi oldida kutardim.
Eshik yopiq emas edi — bir qarich ochiq qolgan. Men o‘zimga «tinglamayman» deb va’da berdim va shu zahoti va’damni buzdim.
Ichkarida yetti kishi edi. Birinchi bo‘lib sovuq, tekis ovoz eshitildi — va har gapidan keyin qalamning stolga «taq» etishi.
— Qutbiddinning shogirdi — Qutbiddinning kasali. Biz bu kasallikni yigirma ikki yil oldin davoladik. — Taq.
Bu Mavlono Sadriddin — bosh mudarris ekan.
— Bola chidadi. — Xirillagan, past ovoz. Meni hujraga qamagan odam. Kimdir uni «Qahhor domla» dedi.
— Men uni olaman, — Hilola xonimning qushdek ovozi. — Pergarni ko‘rdingizmi? Men bu pergarni qirq yildan ortiq vaqtdan beri taniyman.
— Qarshiman. — Boshqa ovoz, sovuq, zodagonona. — Kitobni tuzatadigan bola — kitobni buzadigan bola. «Tarxon tartibi» uch yuz yil xatosiz turibdi.
Jalolbek Tarxon. Mirshodning otasi, keyin bildim.
Ikki keksa mudarris gapirdi: biri — «Yoqlayman, qo‘li yaxshi», ikkinchisi — «Qarshiman. Bugun bitta qishloq bolasini olsak, ertaga butun qishloq keladi». Men ichimda sanab borardim: uch — yoqlab, uch — qarshi. Bitta ovoz qoldi.
Keyin mayin, sekin ovoz keldi — ovozini hech qachon ko‘tarmaydigan odamning ovozi.
— Men uni olaman, — dedi Anvar Xattot. — Uning xatolari boshqalarning to‘g‘risidan qimmatroq.
To‘rt — uch. Men devorga suyanib, nafasimni chiqardim.
— Qabul, — dedi Sadriddin. Taq. — Lekin vaqf yo‘q. Surgunning shogirdi madrasa nonini tekinga yemaydi. Yigirma tilla. Uch kun ichida. — Taq-taq.
Ikki marta taqillatdi. Suhbat tugadi.
Otam meni Zargarlar toqiga olib bordi.
Bu gumbazli, salqin, sokin bozor edi: ostida o‘nlab do‘konchalar, har birida kichkina tarozi, oltin va kumush jarangi. Otam eng chetdagi do‘konga — oq soqolli, ko‘ziga lupa taqqan keksa zargarning oldiga — to‘xtadi.
— Hakim zargar, — dedi otam. — Menga Qo‘chqor aka aytdi. Siz madrasaning pulini ham olasiz.
— Olaman. — Chol lupasini peshonasiga ko‘tardi. — Nima olib keldingiz, usta?
Otam belbog‘ining chokini sekin so‘kdi — kechasi so‘kib, ertalab qayta tikkan joyini — va kaftini ochdi.
Uning kaftida ikkita sirg‘a yotardi. Kichkina oltin yulduzchalar, har birining ichida ko‘k ko‘zmunchoq.
Onamning sirg‘alari.
Men ularni ko‘rib, hamma narsani birdaniga tushundim. Onamning quloqlarini yopib, peshonasigacha tushirilgan ro‘mol. Odaticha qulog‘iga ko‘tarilib, matoga tegib to‘xtagan qo‘l. «Otasi, belbog‘ingizni asrang». U ularni yechib, otamning belbog‘iga jimgina tikib qo‘ygan edi. Hech kimga aytmay. Menga ham.
— Onang... — dedi otam, sirg‘alarga qarab. — Men ham bilmagan edim. Yo‘lda belbog‘im og‘irroq tuyuldi. Kecha, pulni sanab bo‘lgach, so‘kdim. Bu — uning onasidan qolgan.
Hakim zargar lupasini qayta tushirib, sirg‘alarni uzoq ko‘zdan kechirdi.
— Yaxshi oltin, — dedi u. — Yaxshi usta ishi. Ko‘zmunchoq Afrosiyob ko‘ki emas, lekin yaqin. — U sirg‘alarni ipak latta ustiga qo‘ydi. — Garovga o‘n sakkiz tilla beraman. Muddat — ikki yil: 1143-yil, Mezon oyining o‘ninchi kunigacha. Qaytarish uchun — yigirma ikki tilla.
Otam belbog‘idan o‘zining oxirgi ikki tillasini chiqarib, o‘n sakkiztaga qo‘shdi. Yigirma. Hakim zargar ularni sanab, madrasa daftariga yozdi va otamga tilxat berdi. Otamning qo‘lida ikki tilla qoldi.
Men sirg‘alarga qaradim — ipak latta ustida, begona do‘konda yotgan onamning yulduzchalariga.
— Qaytarib olaman, — dedim.
Otam menga qaradi. Uzoq. Keyin katta, yorilgan qo‘li bilan yelkamni bir marta siqdi.
— Bilaman.
Zargarlar toqidan chiqqanimizda quyosh gumbazlar ustida turardi. Ko‘z oldimda satrlar o‘zi ochildi.
[Yangi unvon: Afrosiyob tolibi]
[Daraja oshdi: 13 → 14]
[Holat oynasi]
IsmAziz
Yosh12
Daraja14
HP118/118
MP72/72
Kuch9
Epchillik12
Aql33
Ko‘nikmalarKulolchilik 4, Sir tayyorlash 2, Naqsh o‘qish 5, Naqsh chizish 4, Naqsh tuzish 5, Tuzatish 2, Yulduz hisobi 3, Temirga naqsh 2
UnvonlarYomg‘ir bolasi, Qutbiddinning shogirdi, Devni ozod qilgan, Afrosiyob tolibi
Men satrlarni o‘qidim, lekin hech narsa his qilmadim. Daraja, unvon, raqamlar. Ularning hech biri ipak latta ustida yotgan ikkita yulduzchadan og‘irroq emas edi. O‘qish Mezonning birinchi kunidan boshlanardi. Qolgani — mening ishim edi.
Tilxatni madrasa kotibiga topshirib, Naqshmaydondan chiqayotganimizda Kutubxona zinasida Anvar domla turgan edi. U menga bosh irg‘adi va sekin dedi:
— Qutbiddin domlaga salom ayt. Ayt-ki... uni hali ham kutishadi.
Otam so‘radi:
— Kim u?
Men bilmasdim. Hali.
Izohlar 0 ta izoh
Hali izohlar yo‘q.
Izoh yozish uchun kiring